Selbin Alekperova: O‘zbekiston fintex bozorida katta istiqbolni ko‘ryapmiz
Ўзбекистон Миллий Ахборот Агентлиги (УзА) учун интервью

Joriy yilning 16-18 aprel kunlari Toshkent shahrida “Banks & Business Expo 2025” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda 30 dan ortiq davlatdan moliyaviy tashkilotlar va kompaniyalar ishtirok etdi.  Ozarbayjonning “Simbrella” xalqaro fintex kompaniyasi ham ushbu nufuzli tadbirda ilk bor qatnashdi.

Ko‘rgazma doirasida “Simbrella” xalqaro fintex kompaniyasining mahsulotlar bo‘yicha direktori Selbin Alekperova bilan o‘tkazilgan suhbat kompaniyaning xalqaro faoliyati, ushbu tadbirning ahamiyati va moliyaviy texnologiyalar sohasidagi zamonaviy yondashuvlarga bag‘ishlandi.

 – “Simbrella” kompaniyasining asosiy faoliyat yo‘nalishlari va xalqaro fintex-xizmatlar bozoridagi missiyasi haqida gapirib bersangiz.

– “Simbrella”– 20 yillik tajribaga ega fintex-kompaniya. Biz moliyaviy xizmatlar ko‘rsatamiz. Mahsulotlarimiz 15 dan ortiq mamlakatda taqdim etilgan bo‘lib, hozirda 60 milliondan ziyod insonni qamrab olganmiz. Bunda biz Afrika qit’asidagi faoliyatimizni alohida ta’kidlashni istar edim.

Bizning asosiy missiyamiz an’anaviy moliyaviy tizimdan tashqarida qolgan aholiga moliyaviy mahsulotlardan foydalanish imkoniyatini yaratish orqali ularning hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan. Banklar bunday mijozlarga xizmat ko‘rsatishda qiyinchilikka duch keladi, chunki ularning kredit tarixi mavjud emas va texnologiyaviy yechimlar yetarli emas.

Biz o‘z fintex yechimlarimiz orqali bunday mahsulotlarni rivojlanayotgan mamlakatlar va yangi bozorlarda muvaffaqiyatli joriy etyapmiz.

Shu kungacha biz 3,5 milliard dollarlik umumiy mablag‘ doirasida 1 milliard kreditni taqsimladik va 240 million mijozni qamrab oldik.

– “Banks & Business Expo 2025” ko‘rgazmasida kompaniya tomonidan qanday innovatsion yechimlar taqdim etildi va ular O‘zbekiston uchun qanday foyda keltirishi mumkin?

– Ta’kidlaganimdek, biz an’anaviy moliyaviy muassasalar xizmatidan foydalana olmaydigan aholi uchun moliyaviy mahsulotlar taklif etamiz. Ulardan biri – to‘liq raqamli platforma bo‘lib, u bank tizimlariga integratsiya qilinadi va banklar odatda xizmat ko‘rsatmaydigan mijozlarga kredit berish imkoniyatini yaratadi. Ikkinchi mahsulotimiz – “SalaryNow”. Bu mijozlarga o‘z maoshining bir qismidan rasmiy to‘lov sanasidan avval foydalanish imkonini beradi. Agar inson maoshini bank orqali olsa va kutilmagan xarajatlar yuz bersa, u mobil ilova orqali ushbu xizmatdan foydalanib, bir necha soniya ichida mablag‘ni qo‘lga kirita oladi. Oy oxirida qayta hisob-kitob qilingan holda qolgan maosh mijoz hisob-raqamiga o‘tkaziladi. Biz ushbu ikki mahsulot O‘zbekiston bozori uchun dolzarb va unga talab yuqori bo‘lishi mumkin, deb hisoblaymiz. Xususan, “SalaryNow” AQSH va Yevropada keng ommalashgan.


O‘zbekistonda ham so‘rovnoma o‘tkazdik va aksariyat foydalanuvchilar bu xizmatdan o‘z bank ilovalari orqali foydalanish istagini bildirishdi. Odamlar o‘z mehnati bilan topgan mablag‘dan foizsiz va qarzsiz foydalanishni xohlaydi. Umid qilamizki, yaqin vaqt ichida ushbu mahsulotni O‘zbekistonda joriy etamiz va keyingi tashrifimizda natijalar bilan o‘rtoqlashamiz.

–Mahalliy banklar va fintex-kompaniyalar bilan hamkorlikda qanday istiqbollarni ko‘ryapsiz?

– Bizning asosiy maqsadimiz bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan aholiga moliyaviy xizmatlarni taqdim etishdir. Shu nuqtai nazardan mahalliy banklar va fintex-kompaniyalar bilan hamkorlik qilish uchun katta istiqbol mavjud. Shuningdek, mikrokreditlar sohasiga ham qiziqishimiz bor. Bu an’anaviy banklar uchun juda qimmat mahsulot, ammo bizning platforma va skoring yechimlarimiz orqali mijozlarga tez va samarali shaxsiylashtirilgan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish mumkin.


Avval ta’kidlaganimdek, “SalaryNow” loyihasi O‘zbekiston bozori uchun ayni muddao. Hozircha bu kabi yechimga teng keladigan mahsulot mavjud emas va biz bu yerda ilk loyihani amalga oshirish imkoniga ega ekanimizga ishonamiz. O‘zbekistonda bu mahsulotni joriy qilish uchun barcha sharoitlar mavjud va biz mahalliy banklar bilan muvaffaqiyatli hamkorlikka umid qilamiz

НO‘zA muxbiri

Nasiba Ziyodullayeva

suhbatlashdi.

Бизга телефон қилинг ёки электрон почта
ёки мессенжерлар орқали ёзинг:
+9 98 910 105 191
sales@simbrella.com
Хизматга уланмоқчимисиз?
Алоқа маълумотларингизни қолдиринг
ва биз сиз билан боғланамиз

Кнопкани босиш орқали сиз Хусусийлик сиёсатимизни қабул қиласиз
ва шахсий маълумотларни қайта ишлашга розилик берган бўласиз.